Germaniyada o‘qishni istovchilar diqqatiga: Ausbildung dasturiga qabul boshlandi

Migratsiya agentligi Germaniya Bandlik federal agentligi bilan hamkorlikda 2026-yil kuzida boshlanadigan APAL (Ausbildung) dasturiga qabul boshlanganini e’lon qildi. Bu Germaniyadagi o‘rta maxsus ta’lim turi bo‘lib, nazariy o‘qish va ish joyida amaliy stajirovkani birlashtiradi.
Dasturda 18−25 yoshli, nemis tilidan kamida B1 darajada (Goethe, ECL, Telc, ÖSD, TestDaF) sertifikatga ega yigit-qizlar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar o‘rta maktab, kollej, litsey yoki texnikum bitiruvchisi bo‘lishi kerak.
Ta’lim yo‘l qurilishi, kanal qurilishi, quvurlar yotqizish, maxsus qurilish ishlari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Shuningdek, talabalarga 1-bosqich uchun 822 yevro (11 767 735 so‘m), 2-bosqich uchun 1057 yevro (15 131 990 so‘m) miqdorida stipendiya to‘lanadi. Ikki yillik kasb ta’limi muvaffaqiyatli yakunlanganidan so‘ng ishtirokchilar doimiy ish bilan ta’minlanishi mumkin. Maosh 2400 yevro (34 358 352 so‘m) etib belgilangan.
Bundan tashqari, bir qancha imtiyozlar ham mavjud.
Ausbildung dasturi ishtirokchilariga Germaniyaga borganidan so‘ng 300 yevro (4 294 794 so‘m) miqdorida bir martalik to‘lov (welcome money) beriladi. Ta’lim bepul bo‘lib, aviachipta va viza xarajatlari qoplanadi. Arzonlashtirilgan turar joy (oyiga taxminan 250 yevro, birinchi oy bepul), kuniga uch mahal bepul ovqatlanish ta’minlanadi.
Shuningdek, B1 sertifikatini olish uchun Toshkentdagi Gyote institutida ikki oylik bepul kurs tashkil etiladi.
Arizalar 2026-yil 2-martgacha qabul qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tish xorijdaish.uz portali orqali amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha ma’lumotni Germaniya Bandlik federal agentligining rasmiy saytida o‘zbek tilida olish mumkin. Murojaat uchun telefonlar: 1282 va (71) 202−33−55 (502).