08:08, Mart 3, 2026
/
419

Oliy ta’lim sohasi: 2026-yilda qanday islohotlarga guvoh bo‘lamiz?

2-mart kuni Qoʻqon shahrida  vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov raisligida respublikaning davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining navbatdagi Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, endilikda oliygohlar ixtiyorida qoladigan mablagʻlarning kamida 10 foizi “Raqamli startaplar” dasturi doirasida  inkubatsiya markazlarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi. 16 ta oliy taʼlim muassasasida sunʼiy intellekt laboratoriyalarini tashkil etiladi hamda 100 dan ortiq AI loyihalari amalga oshiriladi. Laboratoriyalar faoliyatiga talabalar, yosh olimlar, mahalla yoshlari, texnikum oʻquvchilari va texnopark rezidentlarini keng jalb etiladi.

Oliy taʼlim bilan qamrov darajasi  45 foizga, xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan dasturlar soni 133 taga, “TOP–500” reytingga kiradigan xorijiy universitetlar bilan qoʻshma dasturlar 18 taga yetkaziladi. Ilmiy darajali professor-oʻqituvchilar ulushi 53 foizga chiqariladi.

Xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan texnikumlar soni 100 taga yetkazilib, har bir hududda kamida 5 ta kasb boʻyicha xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etiladi.

Bundan tashqari, 2024/2025-oʻquv yilida 237 939 nafar bitiruvchi diplom olgani, biroq bandlikni taʼminlashda tizimli yondashuv yetarli emasligi qayd etildi. Har bir oliygohda Karyera markazlari faoliyatini kuchaytirish, ishsiz bitiruvchilarning manzilli roʻyxatini shakllantirish, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida biznes loyihalarni moliyalashtirish, ikki oy ichida oʻzini oʻzi band qilgan bitiruvchilar ulushini ikki baravarga qisqartirish vazifasi qoʻyildi.

Mas’ullarga “career.edu.uz” platformasini toʻliq ishga tushirish, diplom.edu.uz tizimidagi tasdiqlanmagan diplomlar masalasini bartaraf etish, 17 ta oliygohda Face-ID tizimini joriy etish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish va raqamlashtirish boʻyicha KPI tizimini joriy qilish topshirildi.

Payshanba kunini “Yoshlar kuni” sifatida samarali tashkil etish, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida 550 mingdan ortiq talabani ichki turizmga jalb qilish, yozgi “Taʼlim turizmi – yangi bilim, yangi tajriba” dasturlarini ishlab chiqish vazifalari belgilab berildi.

Yigʻilishda, shuningdek, 2026-yilni tizimda “Oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiya orqali hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yili” deb belgilash taklifi ilgari surildi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari