07:27, Avgust 6, 2026
/
19,7 тыс

58 ming abituriyent qayta test topshiradi

Meksikaning eng yirik va nufuzli oliygohi – Meksika milliy avtonom universiteti 58 mingga yaqin abituriyentni kirish imtihonini qayta topshirishga chaqirdi. Bunga onlayn testlarda odatdagidan keskin yuqori natijalar qayd etilgani va ommaviy firibgarlik gumoni sabab bo‘lgan. Qayta imtihon endi masofadan emas, universitet nazorati ostida an’anaviy shaklda o‘tkaziladi.

Joriy yilda universitetga kirish uchun qariyb 160 ming abituriyent hujjat topshirgan. Ular 21 ming 962 ta o‘rin uchun raqobatlashgan.

Yuqori ball olganlar soni birdaniga oshib ketdi

2021–2025-yillarda abituriyentlarning o‘rtacha 3,5 foizi 120 balldan 100 va undan yuqori natija qayd etgan. Bu yil esa ushbu ko‘rsatkich 16 foizga yetgan. 110 va undan yuqori ball olganlar ulushi ham qariyb olti barobar oshib, 0,9 foizdan 5,5 foizga ko‘tarilgan.

Eng katta tafovut tibbiyot yo‘nalishida kuzatilgan. O‘tgan yili abituriyentlarning 9 foizi 100 va undan yuqori ball olgan bo‘lsa, bu yil ularning ulushi qariyb 30 foizni tashkil etgan.

Keskin o‘sish universitet rahbariyatida imtihon natijalariga nisbatan jiddiy shubha uyg‘otgan.

Sun’iy intellekt firibgarlikni to‘xtata olmadi

Universitet bu yil ilk bor kirish imtihonini to‘liq onlayn shaklda o‘tkazgan. Abituriyentlarni nazorat qilish uchun sun’iy intellekt asosidagi kamera, yuzni tanish va ovozni aniqlash tizimlaridan foydalanilgan. Biroq ushbu texnologiyalar tashqaridan yordam olish, boshqa shaxs nomidan imtihon topshirish va sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish holatlarining oldini ololmagan.

Natijalar e’lon qilinishidan avval universitet 3 ming 174 ta testni bekor qilgan. Bu umumiy imtihonlarning qariyb 2 foizini tashkil etadi.

75 mingta testda qoidabuzarlik bo‘lishi mumkin

Natijalarni o‘rgangan texnik mutaxassislarning fikricha, qariyb 75 mingta imtihonda turli darajadagi firibgarlik bo‘lishi mumkin. Imtihon savollari oldindan tarqalib ketgani, ayrimlari internetda sotilgani va abituriyentlar orasida testni aldab topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar yoyilgani aytilmoqda. Universitet shaxsni almashtirish, tashqi yordamdan foydalanish va sun’iy intellekt orqali javob olish holatlarini aniqlagan.

Halol topshirganlar ham qayta imtihonga kiradi

Qayta test topshirish talabi firibgarlikka aloqasi bo‘lmagan abituriyentlarga ham tatbiq etiladi. Universitet rektori Leonardo Lomeli halol qabul qilingan yoshlarni yana imtihonga chaqirishga to‘g‘ri kelayotgani uchun uzr so‘ragan.

Uning ta’kidlashicha, bu qaror qabul jarayonida adolat va tenglikni ta’minlash uchun zarur.

Qayta imtihon qarori norozilik keltirib chiqardi

Yuzlab abituriyentlar universitet qaroriga qarshi Meksiko shahrida namoyishga chiqdi. Ular shaharning asosiy yo‘llarini to‘sib, halol imtihon topshirgan abituriyentlarni qayta sinovdan o‘tkazish adolatsizlik ekanini bildirdi. Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham vaziyatga munosabat bildirib, agar jinoyat sodir etilgani aniqlansa, masala prokuratura tomonidan tekshirilishini aytdi.

Qabul jarayoni to‘xtatildi

Universitet firibgarlik xizmatlarini taklif qilgan shaxslar va kompaniyalarga nisbatan jinoiy ariza topshirgan. Mojaro ortidan barcha qabul jarayonlari vaqtincha to‘xtatilgan va maxsus texnik komissiya tuzilgan. Yangi talabalar uchun o‘quv yilining boshlanishi ham 10-avgustdan 31-avgustga ko‘chirilgan.

Mazkur voqea universitetning 115 yillik zamonaviy tarixidagi eng yirik qabul mojarolaridan biri bo‘ldi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari