13:42, Iyun 12, 2026
/
876

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasiga qabul eʼlon qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027-oʻquv yili uchun magistraturaga qabul boshlandi.

Hujjatlar joriy yilning 10-iyunidan 31-iyuliga qadar Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishning yagona elektron platformasi — my.uzbmb.uz orqali onlayn qabul qilinadi. Kirish sinovlari avgust oyida oʻtkazilishi belgilangan.

Yangi oʻquv yili uchun qabul quyidagi mutaxassisliklar boʻyicha amalga oshiriladi:

  • Prokurorlik faoliyati;
  • Prokurorlik faoliyati (kechki va masofaviy taʼlim shakllari);
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish;
  • Inson huquqlariga oid xalqaro huquq;
  • Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash (masofaviy taʼlim shakli, rus tili guruhi).

Imtiyoz va shartlar:

Raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida tashkil etilgan “Kiberxavfsizlikni huquqiy taʼminlash” yoʻnalishiga hujjat topshirgan nomzodlarga qator yengilliklar beriladi. Xususan, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan nufuzli xalqaro IT-sertifikatlariga ega boʻlgan nomzodlar mutaxassislik boʻyicha “Informatika va axborot texnologiyalari” fanidan kirish imtihonidan ozod etiladi. Shuningdek, ushbu yoʻnalishga qabul qilingan tinglovchilarning oxirgi egallab turgan lavozimi boʻyicha mehnatga haq toʻlash fondi toʻlovlari (pul taʼminoti) saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, ochiq tanlov asosida davlat grantiga qabul qilingan barcha tinglovchilarga qonunchilikda belgilangan tartib va miqdorda har oylik stipendiya toʻlanadi.

Magistraturaga qabul qilish va oʻqitishni tashkil etish tartibi bilan ushbu havola orqali batafsil tanishish mumkin.

Qoʻshimcha maʼlumot uchun telefonlar: 71-202-04-96 (ichki raqamlar: 1795, 1716)

Fikrlar (0)
Avval yangilari