Huquqshunoslik fanidan milliy sertifikat: abituriyentlar testdan norozi paytda ushbu qarorni qabul qilish qanchalik to‘g‘ri?

24-iyul kuni yakunlangan 2026/2027-yilgi davlat oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun test sinovlari jarayonida bir qancha muammoli holatlar yuzaga keldi. Ularning katta qismi aynan huquqshunoslik fanidan tuzilgan testlarning oldindan e’lon qilingan manbalar ro‘yxatidan tashqariga chiqqani bilan bog‘liq.
Jumladan “Avlod Media”ga ham bu masalada qator murojaatlar kelib tushdi.


Nafaqat abituriyentlar, balki huquqshunoslar ham Telegram bloglarida bu masalaga to‘xtalishdi.


Bugun 30-iyul kuni esa Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Milliy sertifikat berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 411-son qaroriga asosan, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab huquqshunoslik fani bo‘yicha ham milliy sertifikat joriy etilishi e’lon qilindi. Hujjatga asosan, huquqshunoslik bo‘yicha test topshiriqlari umumiy o‘rta ta’lim dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunchilik hujjatlari asosida shakllantirilishi kutilmoqda.
Hammada tabiiy savol uyg‘onadi: yangilikni aynan test sinovlari yakunlanib, abituriyentlarning aksariyat qismi norozi holatda yurganda qilish shartmidi? Yoki bu ko‘plab murojaatlar uchun zudlik bilan ishlab chiqilgan yechimmi? Fikringizni izohlarda yozib qoldiring.