13:06, Iyul 31, 2026
/
1,2 тыс

Oliygoh bitiruvchilarining kamida 55 foizi ishga joylashishi shart bo‘ladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda uning o‘rinbosarlari uchun 2026-yilga mo‘ljallangan aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari KPI tasdiqlandi.

Yangi boshqaruv tizimi “5T” tamoyili asosida shakllantirilgan. U quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:

– ta’lim;
– tarbiya;
– tadqiqot;
– tijoratlashtirish;
– tizimli takomillashtirish.

Mazkur tamoyil ta’lim sifatini oshirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, raqamli texnologiyalardan foydalanish va oliy ta’lim tizimini muntazam rivojlantirishga qaratilgan.

2026-yilda qanday natijalarga erishish rejalashtirilgan?

Oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 45 foizga yetkaziladi. Bunda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun davlat grantlarini ko‘paytirish va ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari sonini 133 taga, dunyoning TOP–1000 universitetlari qatoriga kirgan milliy OTMlar sonini esa 4 taga yetkazish belgilangan.

Shuningdek, QS, THE va ARWU reytinglaridagi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari kengaytiriladi.

Diplom emas, ishga joylashish natijasi muhim bo‘ladi

Bitiruvchilarning oliygohni tamomlaganidan keyin bir yil ichida doimiy ishga joylashish darajasini 55 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Ish beruvchilar tomonidan ijobiy baholangan bitiruvchilar ulushi esa kamida 50 foiz bo‘lishi kerak.

Bu OTMlar faqat diplom berishi emas, mehnat bozoriga tayyor va raqobatbardosh kadr yetishtirishi bilan baholanishini anglatadi.

Kutubxonalarning 75 foizi elektronlashtiriladi

Oliy ta’lim tizimini raqamlashtirish ham asosiy ko‘rsatkichlardan biri sifatida belgilangan.

Jumladan:

– kutubxona resurslarining 75 foizi elektron shaklga o‘tkaziladi;

– my.gov.uz orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 19 taga yetkaziladi;

– elektron ishtirok va tizimning ochiqlik darajasi oshiriladi.

Olimlarning maqolalari va ilmiy ishlari ham hisobga olinadi

Universitetlarda ilmiy salohiyatni 53 foizga yetkazish, Scopus va Web of Science bazalaridagi jurnallarda chop etilgan maqolalar sonini 4200 taga oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, universitetlar huzurida spin-off korxonalar tashkil etish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish vazifalari ham belgilangan.

Umuman olganda, yangi KPI tizimi orqali har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyati, belgilangan maqsadlarga erishish darajasi va sarflangan resurslarning samaradorligi doimiy nazorat qilinadi.

Natijalar maxsus platformada kuzatib boriladi

Rahbarlar uchun belgilangan KPI ko‘rsatkichlarining bajarilishi samaradorlik.gov.uz elektron platformasi orqali monitoring qilinadi.

Platformada har bir maqsadga erishish darajasi, rejalarning choraklar kesimidagi ijrosi va rahbarlarning faoliyati muntazam baholab boriladi. Ya’ni natijalar faqat yil yakunida emas, yil davomida nazorat qilinadi.

Eng muhim o‘zgarish shuki: oliy ta’lim tizimidagi rahbarlar endi qilgan ishlari bilan emas, ko‘rsatgan aniq natijalari bilan baholanadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari