08:54, Iyul 31, 2026
/
1,6 тыс

“Perevod”: o‘qishini ko‘chirayotgan talaba grantda ham o‘qishi mumkin, faqat…

O‘tish balini olish grant deganimi?

Yo‘q. Belgilangan o‘tish balini to‘plash talabaning o‘qishini ko‘chirish uchun zarur bo‘lgan shartlardan biridir. Bu natija unga avtomatik ravishda davlat granti berilishini anglatmaydi.Masalan, xorijiy OTMdan davlat OTMga o‘qishni ko‘chirish amaldagi tartib bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Shuning uchun xorijda grant yoki stipendiya asosida o‘qigan talabaning avvalgi moliyalashtirish shakli O‘zbekistondagi davlat OTMga avtomatik ko‘chirilmaydi.

Davlat oliygohida grantda o‘qiyotgan talabaning granti saqlanadimi?

Davlat granti asosida o‘qiyotgan talaba boshqa OTMga ko‘chirilganda grantda o‘qishni davom ettirishi mumkin. Lekin buning uchun quyidagi asosiy shartlar bajarilishi zarur:

  • talaba hozir ham davlat granti asosida tahsil olayotgan bo‘lishi;
  • o‘qish mos yoki turdosh ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirilishi;
  • qabul qiluvchi OTMda tegishli kurs, yo‘nalish va o‘quv yiliga ajratilgan davlat granti o‘rinlari doirasida bo‘sh joy mavjud bo‘lishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, grant o‘rniga ko‘chirishga faqat davlat grantida tahsil olgan talabalar uchun va tegishli qabul kvotasida belgilangan grant o‘rinlari soni doirasida ruxsat beriladi. Demak, talabaning avval grantda o‘qigani yetarli emas. Qabul qiluvchi OTMda bo‘sh grant o‘rni ham bo‘lishi shart.

Bo‘sh grant o‘rni bo‘lmasa, nima bo‘ladi?

Qabul qiluvchi OTMda tegishli yo‘nalish va kurs bo‘yicha bo‘sh davlat granti o‘rni mavjud bo‘lmasa, talabani grant asosida ko‘chirish rad etilishi mumkin. Bunday vaziyatda talaba:

  • o‘qishini to‘lov-kontrakt asosida davom ettirishi;
  • yoki grant o‘rni mavjud bo‘lgan boshqa mos variantni tanlashi mumkin.

Shuning uchun “men grantda o‘qiyman, demak boshqa OTMda ham grantim saqlanadi” degan tushuncha to‘g‘ri emas. Grant talabaning o‘zi bilan avtomatik ko‘chadigan shaxsiy imtiyoz emas. U qabul kvotasi, ta’lim yo‘nalishi va mavjud grant o‘rinlariga bog‘liq.

Yo‘nalish o‘zgarsa-chi?

Grant asosida ko‘chirish faqat mos yoki turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. Agar talaba mutlaqo boshqa, turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishiga o‘tmoqchi bo‘lsa, grant o‘rnini saqlab qolish imkoniyati keskin cheklanadi. Bunday ko‘chirish alohida vakolatli organ yoki Davlat komissiyasi qarorini talab qilishi va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi mumkin. Maqsadli qabul asosida o‘qishga kirgan talabalarni boshqa ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli yoki boshqa OTMga ko‘chirishga ham umumiy tartibda ruxsat berilmaydi.

Yangi grant tizimi ham hisobga olinadi

2024/2025-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratilmoqda. Birinchi kursda grant kirish imtihonlari natijasiga ko‘ra beriladi. Ikkinchi va undan keyingi kurslarda esa grant o‘rinlari talabalarning akademik natijalari va ijtimoiy faolligiga qarab qayta taqsimlanadi.

To‘liq ta’lim granti bir o‘quv yiliga berilib, o‘qitish xarajatlari davlat budjetidan to‘liq qoplanadi va talabaga stipendiya to‘lanadi. To‘liq bo‘lmagan grantda esa kontrakt summasining 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi, lekin stipendiya berilmaydi. Shu sababli 2024/2025-o‘quv yili va undan keyin o‘qishga kirgan talabaning grant holati faqat “perevod”ga emas, navbatdagi o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan grantlarni qayta taqsimlash natijasiga ham bog‘liq bo‘ladi.

Hozirgacha qancha ariza topshirildi?

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 31-iyul soat 10:24 holatiga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash uchun jami 29 846 ta ariza topshirilgan. Shundan:

  • davlat oliy ta’lim tashkilotlari bo‘yicha  –  27 459 ta;
  • nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bo‘yicha  –  2 387 ta ariza ro‘yxatga olingan.

Ushbu statistika 31-iyul tongidagi holatni aks ettiradi. Arizalar qabuli davom etayotgani sababli yakuniy ko‘rsatkich bundan yuqori bo‘lishi mumkin.

Xulosa

O‘qishini ko‘chirgan talaba grant o‘rnini avtomatik ravishda saqlab qolmaydi. Grant asosida o‘qishni davom ettirish uchun talaba avvaldan davlat grantida o‘qiyotgan bo‘lishi, mos yoki turdosh yo‘nalishga ko‘chishi hamda qabul qiluvchi OTMda tegishli grant o‘rni mavjud bo‘lishi kerak. Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish uchun tasdiqlangan 60-165 ball oralig‘idagi ko‘rsatkichlar esa maxsus sinovdan o‘tish chegarasi hisoblanadi. Bu ballni to‘plash grant berilishini yoki avvalgi grantning saqlanishini 100 % anglatmaydi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari